O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida Yevropaning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda “Suez” kompaniyasi raisi va bosh direktori Sabrina Sussan, “Arsenale Group” kompaniyasi bosh direktori Paolo Barletta, “Airbus” korporatsiyasining Yevropa bo‘yicha prezidenti Yoxan Pelise hamda “Linde” kompaniyasining Yevropa va Yaqin Sharq bo‘yicha prezidenti Oliver Pfann qatnashdi.
Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuv Yevropa biznesining O‘zbekistondagi faoliyatni kengaytirishga qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat ekanini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Investitsiyaviy va innovatsiyaviy sheriklik, suv ta’minoti, fuqarolik aviatsiyasi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Yevropa kompaniyalari rahbarlari O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul hamda investorlarning samarali faoliyati uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik izhor etdi. Ustuvor tarmoqlardagi muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda bundan buyon ham ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.