Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro Namangan tumanidagi YaTT A.A qarashli maishiy texnika savdo do‘konidan skuter sotib olgan. Biroq qisqa muddatda skuterning dvigateli nosozligi ma’lum bo‘ladi. Tadbirkorga darhol bu haqda murojaat qilib, uni almashtirib berishlarini so‘raydi. Oradan bir oydan ortiq o‘tishiga qaramay uning talabi qondirilmaydi.
Shundan so‘ng fuqaro Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyat hududiy boshqarmasiga murojaat qilib, sotib olgan skuterini nosoz qismini ta’mirlashda yoki almashtirib berishda amaliy yordam so‘ragan. Hududiy boshqarma tomonidan muammo o‘rganib chiqildi, servis ko‘rigidan o‘tkazilganda avto vositasining ishlab chiqarishdagi nuqsoni borligiga xulosa berildi. Savdo do‘koni rahbari bilan suhbat o‘tkazilib, unga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasi talablari, ya’ni kafolat muddatida tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish tartibi haqida tushunchalar berildi.
Unga ko‘ra, tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozim.
Iste’molchi kafolat muddati tugaganidan keyin tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish to‘g‘risida ishlab chiqaruvchiga talab qo‘yishga haqli. Bunday talab, basharti tovarda ishlab chiqaruvchining aybi bilan yo‘l qo‘yilgan jiddiy nuqsonlar aniqlangan bo‘lsa, belgilangan xizmat muddati mobaynida, agar xizmat muddati belgilanmagan bo‘lsa, o‘n yil mobaynida qo‘yilishi mumkin.
Uzoq muddat davomida foydalaniladigan tovarni ta’mirlashga ketadigan vaqtda foydalanib turish uchun iste’molchining talabiga binoan nuqsonli tovar qaytarib berilganidan keyin uch kun ichida unga ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar berib turiladi (sotuvchining hisobidan uning o‘zi yoki vakili eltib beradi). Buning uchun ishlab chiqaruvchi sotuvchi bilan birgalikda shartnoma asosida tovarlarning almashuv fondini nazarda tutishlari shart ekanligi belgilab berilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, iste’molchiga 2 000 000 so‘mlik servis xizmati bepul bajarildi: skuterning motor qismi ta’mirlanib, nosoz boshqa ehtiyot qismlari esa yangisiga almashtiriliishi ta’minlandi.