Fuqaro E.N. Navoiy shahrida joylashgan “NAVOIY-SAXOVAT MANZILI” MCHJga tegishli umumiy ovqatlanish maskanida iste’molchilar huquqlarini cheklash holatlari mavjudligi sababli tegishli chora ko‘rish yuzasidan Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida iste’molchilar uchun jamiyatning to‘liq nomi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) hamda ushbu ma’lumotlarni skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod, ish rejimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va mahsulotlarda narxnomalar qo‘yilmaganligi, shuningdek umumiy ovqatlanish mahsulotlarining tayyor taomlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar iste’molchiga davlat tilida taqdim etilmaganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “NAVOIY-SAXOVAT MANZILI” MCHJga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish Qoidalari” talablari buzilishi alomatlari bilan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, jamiyat mas’uliga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborildi.