Moliyaviy xizmatlar bozorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini rivojlantirishning dolzarb masalalari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan hamkorlikda moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarni Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi E.Gadoyev kirib so‘zi bilan ochib, moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda yangi konsepsiya va tamoyillar hamda xalqaro tajribalar asosida huquqiy-normativ hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan yangi loyihada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Raqobat qo‘mitasi raisi H.Turaxujayev, iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish — moliyaviy bozorga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashning eng muhim omili ekanligi, shuningdek mazkur yo‘nalishga xalqaro va milliy standartlarni joriy etish,davlat organlari va moliyaviy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish dolzarb masalalardan biri ekanligini ta’kidladi.
“Raqobat qo‘mitasi soha regulyatorlari bilan hamkorlikda bank, to‘lov va sug‘urta tashkilotlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha har qanday ijobiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.”
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasi, vazirlik va idoralar, tijorat banklari, nodavlat notijorat tashkilotlaridan qariyb 50ga yaqin yetakchi ekspertlar hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.








