Yig‘ilishda Davlatimiz rahbarligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida joylarda aholini oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada ta’minotchilar, mas’ul davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan «SMART-MARKET.UZ» orqali oilaviy tadbirkorlik uchun mahsulotlar yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ba’zi yetkazib beruvchilar tomonidan o‘zaro til biriktirilgan holda mahsulotlarni aynan kambag‘allikdan chiqarish dolzarb bo‘lgan aholi uchun yuqori narxlarda yetkazib berish holatlari ham kuzatilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib ta’minotchilar, mas’ul davlat organlari va boshqa tashkilotlar qat’iy ogohlantiriladi.
Mazkur holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan kuchaytirilgan nazorat o‘rnatilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-149-sonli va Vazirlar Mahkamasining 161-sonli qarorlariga binoan quyidagi yo‘nalishlar doimiy tahlil qilib boriladi: Kreditlar hisobiga mahsulot (xizmat)larning yetkazib berilishida shaffoflikni ta’minlash maqsadida «marketpleys» erkin savdo maydonchasida raqobat muhitini shakllantirish; narxlarning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ta’minotchi korxonalar tomonidan mahsulot (xizmat)larning o‘z vaqtida va sifatli yetkazib berilishini ta’minlash holati. Shuningdek, «marketpleys» tizimi ta’minotchilar taklif etayotgan mahsulotlar (xizmatlar) bo‘yicha ustun mavqeini suiiste’mol qilmaslik; ta’minotchilarning o‘zaro kelishib qilingan harakatlari va til biriktirishlari orqali narxlar asossiz o‘sishga olib kelmaslik; yetkazib berilayotgan mahsulotlar (ko‘rsatilayotgan xizmatlar) narxlarining hududdagi ichki bozor narxlariga mutanosib bo‘lishiga amal qilishlari kabilar.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda muvofiqlashtirilgan harakatlar ya’ni narxlarni asossiz ravishda oshirishlar aniqlangan taqdirda ularga nisbatan belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘riladi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, davlatimiz olib borayotgan asosiy shiorga hamohang kambag‘allikni qisqartirish qonun doirasida, barchamizning birinchi navbatdagi umummilliy harakatimizga aylanishi kerak.