8 dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni.
Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi markaziy apparati va hududiy organlari binolarining kirish joylarida “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi va ularda Qo‘mita faoliyati xususiyatidan kelib chiqib Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini yoritishga qaratilgan axborot bannerlari joylashtirildi.
Qo‘mita rasmiy veb-saytining alohida bo‘limida “Konstitutsiya sahifasi” yaratildi, unda Qo‘mita faoliyatiga oid Konstitutsiya normalarini tushuntirishga qaratilgan ko‘rgazmali materiallar, infografika va boshqa vizual axborotlar joylashtirib borilmoqda.
Shuningdek, bugun Qo‘mita markaziy apparatida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” mavzusida davra suhbati va ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda mamlakatimizda Konstitutsiya tarixi va turli davrlarda qabul qilingan Konstitutsiya haqida ma’lumotlar berildi hamda xodimlarning Konstitutsiyaga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida so‘rovnoma tashkil qilindi.