Jamoatchilik kengashi ishtirokida “Davlat organlarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvini oldini olish” mavzuida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi H. Turaxujayev boshchiligida tashkil etildi. Unda davlat organlari vakillari, xalqaro ekspertlar, tadbirkorlar hamda Jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdilar.
Konferensiya davomida tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashuv holatlarini bartaraf etish, nazorat organlari faoliyatini tartibga solish, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish masalalari yuzasidan qizg‘in muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ortiqcha tekshiruvlar va ma’muriy bosimlarni qisqartirish, raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish hamda davlat organlari va biznes o‘rtasida ochiq muloqotni kuchaytirishga qaratilgan takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, sohadagi muammolarni bartaraf etish va tadbirkorlik muhitini yana-da yaxshilash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib olindi.








