Raqobat qo‘mitasi kommunal xizmatlar bilan bog‘liq fuqarolar murojaatlarini o‘rganishda davom etmoqda. Qonun buzilishlari aniqlangan hollarda, iste’molchilar huquqlarini tiklash va asossiz qarzdorliklarni bekor qilish choralari ko‘rilmoqda.
Jizzax viloyati
Jizzax shahridagi “SIMPLE TRADE GROUP” MChJ rahbari M.M. suv ta’minoti kompaniyasining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib murojaat qildi. “JIZZAX SUV TA’MINOTI” AJ xodimlari suv hisoblagach uskunasi muhri mavjud bo‘lmaganligi sababli, muxr o‘rnatmasdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirib, korxona zimmasiga 61 mln so‘m noreal qarzdorlik hisoblab xabarnoma yuborgan. Bu borada murojaatchi jamiyatga bergan arizasi inobatga olinmaganligini ma’lum qilib, ushbu qarzdorlikni qonuniyligini o‘rganib chiqilishida va bekor qilinishida amaliy yordam berilishini so‘ragan. O‘rganish natijalari bo‘yicha qonunbuzilish holatlari yuzasidan belgilangan tartibda “JIZZAX SUV TA’MINOTI” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzishlarni bartaraf qilish ya’ni “Jizzax suv ta’minoti” AJ tomonidan 61 mln so‘m miqdordagi asossiz qarzdorlik “SIMPLE TRADE GROUP” MChJ foydasiga qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi.
Namangan viloyati
Mingbuloq tumanidagi “Oq-qum marvaridi” baliqchilik fermer xo‘jaligi rahbari T.X. elektr ta’minoti bo‘yicha 20,3 mln so‘m asossiz qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib murojaat qildi. Boshqarma tomonidan murojaat o‘z vaqtida o‘rganilib murojaatchiga hisoblangan 20,3 mln so‘m qarzdorlik asossiz ekanligi o‘z isbotini topdi va fuqaroning qonuniy huquqi tiklanishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Nukus shahrida istiqomat qiluvchi U.F. fuqaroning oldindan to‘lovi bo‘lishiga qaramasdan suv ta’minoti korxonasi tomonidan 1,2 so‘m asossiz qarzdorlik yuklanganidan norozi bo‘lib Qo‘mitaga murojaat qilgan. Fuqaroning murojaatida keltirilgan masala yuzasidan Qo‘mita mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, ko‘rsatilgan 1,2 mln so‘m asossiz qarzdorlik suv ta’minoti korxonasi tomonidan qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Navoiy viloyati
Karmana tumanida istiqomat qiluvchi G‘.J. yangi xonadoniga elektron hisoblagichni o‘rnatish va ro‘yxatga olish uchun 323 000 so‘m to‘lov qilgan, ammo, elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan hisoblagichni o‘rnatish va hisobga olish paysalga solib kelinayotganligi bayon etilgan. Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, “HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ Navoiy hududiy filiali tomonidan fuqaro xonadonidagi hisoblagich ro‘yxatga olinishi va tarmoqqa ulab berilishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati
Oltiariq tumanida yashovchi O.R. uyiga suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazilmayotgani haqida murojaat qildi. Qo‘mita tekshiruvi orqali 5-mart kuni uning xonadoniga imtiyozli narxda 2 dona gaz balloni yetkazib berilishi ta’minlandi.