Qo‘mitaga avtomobillar xaridi va ularning texnik holatiga doir muammolar yuzasidan fuqarolardan murojaatlar kelib tushmoqda. Murojaatlar o‘rganilib, iste’molchilarning qonuniy manfaatlari himoya qilinmoqda.
Jumladan:
Buxoro viloyatida fuqaro B.F. “Kia Sonet” avtomashinasida kafolat muddati davomida nuqsonlar paydo bo‘lgani sababli, ularni bartaraf etish bo‘yicha bir necha marotaba servis xizmatiga murojaat qilgan, ammo muammo hal etilmagan. Qo‘mita hududiy boshqarmasi tomonidan (iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari -“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga asosan) olib borilgan ishlar natijasida, “GOODWELL SERVISE” MCHJ tomonidan avtomobildagi nuqsonlar bartaraf etilishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqaro A.T. “Kia K-5” rusumli avtomashinasidagi amortizatorlar ishlamayotgani sababli, ularni almashtirishda “KIA” servis markaziga murojaat qilgan. Servis xodimlari amortizator 4 oydan so‘ng kelishini aytganligiga noroziligini bildirib Qo‘mitadan amaliy yordam so‘ragan. Hududiy boshqarma mutaxassislari sotuvchi tashkilotga tegishli tushuntirishlar berib (iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart – “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi), muammoni qonun doirasida hal etilishiga erishdilar. Natijada, amortizatorlar bepul almashtirilishi ta’minlandi.
Navoiy viloyatida fuqaro X.S. “JETOUR” avtosalonidan “SWM G03F” avtomashinasini xarid qilgan, biroq avtomobilning elektron tablo qismida nosozlik aniqlangan. Qo‘mita hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida «JETOUR» servis markazi avtomobilni ta’mirlab, tablosini yangisiga almashtirilishi ta’minlandi.
Namangan viloyatida fuqaro K.J. Toshkentdagi “YAS-PETROLEUM TRADE” MCHJga qarashli avtosalondan “LI 9 ULTRA” avtomashinasini sotib olgan, ammo uning rul qismida texnik nosozlik borligini aniqlagan. Boshqarma xodimlari murojaatni o‘rganish jarayonida “YAS-PETROLEUM TRADE” MCHJ ning servis xizmati bo‘limi mutaxassislari bilan suhbatlashib ularga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi Qonunini 15-21-moddalari talablari bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi Natijada, jamiyat hisobidan 64,3 mln so‘mlik ehtiyot qismlar yangisiga almashtirilishi ta’minlandi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmalari iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida ishlarni davom ettirmoqda. Iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish borasida qonun buzilishlari aniqlanganda, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilmoqda.