ISTYE’MOLChILARNING AVTOMOBIL SOHASIDAGI MUROJAATLARI IJOBIY HAL QILINDI
Qo‘mitaga avtomobillar yetkazib berish, sotish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘z vaqtida o‘rganilib, iste’molchilarning qonuniy manfaatlari himoya qilinmoqda. Jumladan,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida
Amudaryo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.D. sotib olgan “BYD Song Plus Champion” rusumli avtomobili buzilganligi sababli, Xorazm viloyatidagi “BYD Urgench” servis markaziga olib borganida, oldi qismidagi ikkita amortizator ishlamayotganligi aniqlangan va servis xodimlari amortizator 2 oydan so‘ng kelishini aytganligiga noroziligini bildirib, amortizatorlarni almashtirib berilishida amaliy yordam so‘rab murojaat yo‘llagan.
Mazkur murojaatda keltirilgan holat yuzasidan Qo‘mita tomonidan “BYD Urgench” servis markazi tomonidan fuqaroning “BYD SONG PLUS CHAMPION” rusumli avtomobilining oldi qismidagi jami qiymati 2 298,1 ming so‘m bo‘lgan ikkita amortizator bepul almashtirilib berilishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati misolida
Kasbi tumanida yashovchi fuqaro A.M. Qarshi shahrida faoliyat olib borayotgan «FAVORITE-CARS-SERVICE» MCHJ ning faoliyatidan norozi bo‘lib murojaat yozgan.
Fuqaro yaxshi niyatlar bilan avtosalon orqali Chevrolet COBALT avtomashinasiga 74 001 000 so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirib, shartnoma imzolagan. Ammo oilaviy sharoitida muammolar yuzaga kelganligi va moddiy yordam zarurligi sababli shartnomani o‘z xohishi bilan bekor qilgan va to‘langan to‘lovni to‘liq qaytarish bo‘yicha avtosalon rahbariyatiga murojaat qilgan. Masala esa ijobiy hal etilmagan ya’ni to‘langan mablag‘ iste’molchiga qaytarilmagan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan iste’molchiga avtomashina uchun to‘langan 74 001 000 so‘m mablag‘ iste’molchiga to‘liq qaytarildi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga nisbatan qonunbuzilish holatini bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.