Raqobat qo’mitasi va uning hududiy boshqarmalariga aholidan yangi qurilayotgan ko’p kvartirali uy-joylarni shartnomaga nomuvofiq holatda ta’mirlanmaganligi yoki belgilangan muddatda topshirilmayotganligi yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, murojaatlardan birida fuqaro V.A. “SHOXJAHON DENTA” MCHJ qurilish korxonasi bilan shartnoma asosida Urganch tumani, “Oq ariqlar” mahallasida joylashgan 59-uy, 19-xonadonni notarius orqali oldi-sotdi shartnomasi bilan sotib olgani, ammo bugungi kunda muammoga duch kelayotganini yuzasidan amaliy yordam so’ragan.
Raqobat qo’mitasi tomonidan olib borilgan o’rganishlarda odatdan tashqari holatga duch kelindi: Quruvchi tashkilot xodimi tomonidan fuqaroga mazkur uyning 19-xonadoni o’rniga adashib, 18-xonadoni ko’rsatilib, uning kaliti topshirilgan. Fuqaro esa bundan habari bo’lmay, xonadonni 150 000 000 so’m mablag’ sarflab ta’mirlatgan, so’ng unga ko’chib o’tgan.
Biroz vaqt o’tgach, 18-xonadonnig haqiqiy egasi kelib, uyni bo’shatishni talab qilgan va unga tegishli hujjatlarni ko’rsatgan. Ular o’rasida uyni almashtirish yoki ta’mir uchun sarflangan mablag’ni to’lab berish haqida kelishuvga erishilmagan.
O’rganishlar davomida qurilish korxonasi tomonidan ushbu holatda katta mas’uliyatsizlikka yo’l qo’yilgani jiddiy oqibatlarga olib kelgani ma’lum bo’ldi. Ya’ni yangi qurilayotgan uylarni sotishda xaridorlar bilan to’g’ri va aniq aloqa o’rnatilmagan, kimga qaysi xonadon ajratilganligi haqida to’liq ma’lumot berilmagan, bunday xatoliklarning oldini olish yoki yo’l qo’ymaslik choralar ko’rilmagan.
Murojaatni o’rganish natijasida iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, huquqlari himoya qilindi. “SHOXJAHON DENTA” MCHJ tomonidan 19-xonadon to’liq ta’mirlab berilishi ta’minlandi.
Ma’lumot o’rnida.
O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to’g’risidagi”gi Qonunining 4-moddasida iste’molchining asosiy huquqlari belgilangan.
Xususan, tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to’g’ri va to’liq ma’lumot olish, tovarni (ishni, xizmatni) erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo’lishini talab qilish, hayoti, sog’ligi va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo’lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) gayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning o’rni to’liq hajmda qoplanishini talab qilish, buzilgan huquqlari yoki qonun bilan himoya etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so’rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish belgilab qo’yilgan.