So‘nggi vaqtlarda fuqarolar tomonidan gaz iste’molini kuzatish va boshqarish imkonini beruvchi HGT mobil ilovasi orqali kunlik va oylik gaz sarfi haqida ma’lumot olishda to‘siqlar yuzaga kelgan edi. Aniqroq aytganda, ilovadan to‘liq foydalanish uchun bank plastik kartasini majburiy tarzda bog‘lash talab qilingan, bu esa kartasi bog‘lanmagan iste’molchilar uchun ma’lumotlarni kuzatish imkoniyatini cheklagan.
Bu holat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga bir qator shikoyatlar kelib tushishiga sabab bo‘ldi. Qo‘mita mazkur muammoni o‘rganib chiqib, iste’molchilarning qonuniy huquqlarini tiklash maqsadida “Hududgaztaminot” AJ bilan hamkorlikda kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Natijada, HGT mobil ilovasining yangi, takomillashtirilgan versiyasi ishlab chiqildi va joriy etildi. Yangi versiya orqali foydalanuvchilar endi o‘zlarining kunlik va oylik gaz sarfi to‘g‘risidagi ma’lumotlarini hech qanday bank kartasini bog‘lamasdan ham erkin ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Bu o‘zgarish iste’molchilar uchun qulaylik yaratish bilan birga, ularning huquqlarini himoya qilish sohasidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur choralar O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshirildi.
Jumladan, mazkur Qonunning:
• 4-moddasiga muvofiq iste’molchilar tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega;
• 6-moddasiga muvofiq ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilangan.
• 21-moddasiga muvofiq shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonunchilikka zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llanishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozimligi belgilangan.