Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan insofsiz raqobatni amalga oshirish holatlari nazoratga olinib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, jumladan, Toshkent viloyatida joylashgan “FOTIH KRAL MOB” MChJ “XANSKIY” tovar belgisining huquqiy egasi ekanligi, biroq “GULJAXON-GULANDON” MChJ tomonidan ham “XANSAROY” tovar belgisi ostida pishloq mahsulotlari ishlab chiqarilib, uning huquqlari poymol qilinayotganligi haqida hududiy boshqarmaga murojaat tushgan. Mazkur murojaatni o‘rganish davomida “GULJAXON GULANDON” MChJ mahsuloti qadoqlash qutisining tashqi ko‘rinishi, nomi, ranglar uyg‘unligi “FOTIH KRAL MOB” MChJ mahsuloti qadoqlash qutisining tashqi bezatilishi, nomi, ranglar uyg‘unligi bilan o‘xshashligi, bu o‘z navbatida iste’molchini chalg‘itishi mumkinligi o‘z tasdig‘ini topgan. Yuqoridagi holatga muvofiq, hududiy boshqarma maxsus komissiyasisi tomonidan “GULJAXON-GULANDON” MChJga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilish alomatlari bilan ish qo‘zg‘atilib, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, Jizzax shaharida faoliyat olib borayotgan “ISLOM ISOKOV” MChJga qarashli somsaxona binosining peshtoqiga “№1. Qipchoq somsa markazi” ko‘rinishdagi yozuvlar “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda joylashtirilganligi aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan “ISLOM ISOKOV” MChJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining 694-sonli qarori talablari buzilganligi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.