Raqobat qo‘mitasi respublikamizning hududlari kesimida xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish holatlarini o‘z nazoratiga olib, mazkur qonunbuzilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rib kelmoqda.
Jumladan,
Toshkent viloyati misolida
“FOTIH KRAL MOB” MChJning “XANSKIY” tovar belgining huquqiy egasi ekanligi, biroq Toshkent viloyatida joylashgan “GULJAXON-GULANDON” MChJ tomonidan ham “XANSAROY” tovar belgisi ostida pishloq mahsulotlari ishlab chiqarilib, uning huquqlari poymol bo‘layotganligi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Mazkur murojaatni o‘rganish davomida, “GULJAXON GULANDON” MChJni mahsuloti qadoqlash qutisining tashqi ko‘rinishi, nomi, ranglar uyg‘unligi “FOTIH KRAL MOB” MChJning mahsuloti qadoqlash qutisining tashqi bezatilishi, nomi, ranglar uyg‘unligi bilan o‘xshashligi va bu o‘z navbatida iste’molchini chalg‘itishi mumkinligi o‘z tasdig‘ini topdi.
Yuqoridagi holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “GULJAXON-GULANDON” MChJga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan ish qo‘zg‘atilib, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.
Jizzax viloyati misolida,
Jizzax shaharda faoliyat olib boruvchi “ISLOM ISOKOV” MChJga qarashli somsaxona binosining peshtoqiga “№1. Qipchoq somsa markazi” ko‘rinishdagi yozuvlar “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga zid ravishda joylashtirilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “ISLOM ISOKOV” MChJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunlari hamda Vazirlar Mahkamasining 694-sonli qarori talablari buzilish alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.