Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari!
Qadrli ofitser va generallar, serjant va safdorlar!
Muhtaram faxriylar!
Avvalo, siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ushbu quvonchli ayyomda sizlarning o‘z zimmangizdagi g‘oyat muhim vazifalarni mas’uliyat bilan ado etib kelayotganingizni alohida ta’kidlashni istardim.
So‘nggi yillarda ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish, aholi uchun barcha shahar va qishloqlarda xavfsiz yashash va mehnat sharoitini yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Eng quyi bo‘g‘indagi vaziyat va muammolarni chuqur o‘rganish asosida har qaysi mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda 350 dan ziyod mahallada huquq-tartibot maskanlari tashkil etildi, 9,5 mingga yaqin mahallada profilaktika inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yildan boshlab “mahalla yettiligi” tizimi tashkil etildi. Endi profilaktika inspektori ana shu tizimning eng faol a’zosiga aylanib, vaziyatni xonadonlar kesimida o‘rganadi. Birinchi navbatda, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabr ko‘rish ehtimoli yuqori bo‘lgan fuqarolarni aniqlab, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini “mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan foydalangan holda hal etish choralarini ko‘radi.
Eng muhimi, joylarda voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularni sog‘lom turmush tamoyillari asosida tarbiyalash orqali ijtimoiy jihatdan xavfli xatti-harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish bo‘yicha amaliyot yo‘lga qo‘yiladi.
Biz Yangi O‘zbekiston sharoitida “Barcha islohot va o‘zgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga sodiq qolgan holda, shu yo‘lda boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur. Bu borada o‘tgan davrda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yaratilgan mustahkam huquqiy bazaga tayanamiz.
Ichki ishlar organlari sohasiga raqamli texnologiyalar, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalariga asoslangan zamonaviy ish yuritish vositalari, sun’iy intellekt yordamida faoliyat ko‘rsatadigan axborot-ma’lumot tizimlari jadal tatbiq etilmoqda. Jamoat joylarida vaziyatni onlayn kuzatish, fuqarolarning murojaatlarini masofadan turib qabul qilish, huquqbuzarliklarni inson omili ishtirokisiz qayd etish amaliyoti bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aziz do‘stlar!
Barchamiz yaxshi bilamizki, hamma sohalarda bo‘lgani kabi ichki ishlar tizimida ham yuksak malakali, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z kasbiga, Vatanimiz va xalqimizga sodiq kadrlar islohotlar taqdirini belgilab beradi. Shu ma’noda, mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga ko‘tarilayotgan bugungi sharoitda har bir xodimdan yetarli bilimga ega bo‘lish, muloqot va muomala madaniyatini oshirish, har qanday murakkab vaziyatda ham to‘g‘ri qaror qabul qilib, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarish uchun o‘z ustida tinimsiz ishlash talab etiladi. Barchamiz uchun xalqimiz hayoti eng katta maktab ekanini hech qachon unutmaylik. Shu maktabda bilim olib, toblanib, el-yurt manfaatlari uchun kurashib yashash – bu eng oliy saodatdir.
Shuning uchun joriy yilda qabul qilingan “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”da ayni shunday qoida va tamoyillar soha xodimlari faoliyatining bosh mezoni ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Ishonchim komil, o‘z vazifasini halol va vijdonan ado etadigan ichki ishlar organi xodimi el-yurt o‘rtasida albatta munosib obro‘-e’tibor topadi.
Ma’lumki, keyingi yillarda ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratildi. Jumladan, bo‘lajak xodimlarni bolaligidan boshlab vatanparvarlik ruhida, yuqori malakali huquqshunos sifatida tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Har bir xodim navbatdagi unvonni olishi uchun majburiy tarzda kasbiy malakasini oshirishi, rahbarlik lavozimiga tayinlanishi uchun Ichki ishlar vazirligi akademiyasining boshqaruv magistraturasida tahsil olishi belgilangan va bunday tajriba o‘z ijobiy samarasini bermoqda.
Hurmatli soha xodimlari!
Ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, aholi osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan ishlarimiz bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Xususan, ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining 80 foizi elektron shaklga o‘tkazilib, tizimda byurokratiya va fuqarolarni sarson qilish holatlari bartaraf etiladi. Har bir faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganish va jamoatchilik tomonidan monitoring qilib borish amaliyotini “mahalla – tuman – viloyat – respublika” tamoyili asosida tashkil etish choralarini ko‘rishimiz lozim.
Muxtasar aytganda, ichki ishlar tizimidagi islohotlarimizning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, xalqimiz o‘z kundalik hayotida sezishi shart.
Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga o‘z burchingizni chuqur anglab, amalga oshirayotgan fidokorona mehnatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Sizlarning mashaqqatli va sharafli faoliyatingizni munosib rag‘batlantirish bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning e’tibor markazida bo‘ladi.
El-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur xodimlarning xotirasini hurmat bilan yod etib, ularning oilalari va farzandlariga bayram tabrigimiz hamda ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, mas’uliyatli xizmatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti