O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichimlik suvi taminoti va oqova suv tizimini yana-da takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 25-sentyabrdagi PF-6074-son farmoniga muvofiq ichimlik suvi sifatini o‘rganish O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi zimmasiga yuklangan.
Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Sanitariya-epidemologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Sirdaryo viloyati Yangiyer shahri hududida “Sirdaryo Suv ta’minoti” AJ tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifatining iste’molga yaroqliligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida “Binokor” MFY hududidan olingan namunalarni tekshirish natijdasida mazkur hududda iste’molchilarga iste’molga yaroqsiz ichimlik suvi yetkazib berilib, O‘zbekiston Respublikasi “Istemolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 4,12,19-20-moddalari talablari buzilganligi aniqlandi.
Natijada hududiy boshqarma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktyabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan ish qo‘zg‘atilib, “Binokor” mahallasidagi 196 ta xonadonda 694 ta iste’molchiga bir oylik jami to‘lov 7 777 354 so‘m miqdoridagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi va “Sirdaryo Suv ta’minoti”AJ tomonidan ushbu ko‘rsatma ijrosi ta’minlanib, yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘lar iste’molchilar bilan qayta hisob-kitob qilib berildi.