O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 6 martdagi “Mahallalarda tomorqalardan unumli foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi F-18-sonli Farmoyishiga asosan 2025 yil 11 martdan respublikamizda “Dolzarb bir oylik” safarbarligi e’lon qilindi.
Mazkur Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobat qo‘mitasi raisi Xalillilo Turaxujayev boshchiligida ishchi guruh Xorazm viloyatida o‘rganishlar o‘tkazmoqda.
Dastlab Bog‘ot tumanining “Nayman”, “Nurli maskan”, “To‘pchi” mahallalarida, Xazorasp tumanining «Bo‘ston» va «Bog‘dor» mahallalari, so‘ng Tuproqqal’a tumanining «Yoshlik» va «Pastom» mahallalarida amaliy o‘rganishlar o‘tkazildi. Unda ijtimoiy masalalar, xususan, tomorqa yer maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanish, yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish, bu borada yerlarni tayyorlash, ko‘chat ekish va issiqxonalar qurish, qabristonlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar berildi.
Tomorqa xo‘jaligi va sug‘orish tizimida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni tashkillashtirish, dala cheti va kollektor-drenaj atroflarida ko‘chat ekish, tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, aholi tomorqalariga suv yetkazib bkrilishi yuzasidan Bog‘ot tumanidagi “Nurli maskan”, Hazorasp tumanidagi “Bo‘ston”, “Bog‘dor” va Tuproqqal’a tumanidagi “Pastom”, “Yoshlik” mahallalarining dalasidagi ichki ariqlarni betonlashtirish, dala cheti, sho‘r yuvish bilan bog‘liq boshlangan ishlar bilan ham tanishib,tegishli tavsiyalar berildi.