Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Sirdaryo, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlari misolida
Raqobat qo‘mitasi respublikamiz miqyosida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash borasida muntazam ravishda tizimli ishlar olib bormoqda.
Jumladan,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida, Nukus shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.A. gaz ta’minoti bo‘yicha qilgan murojaati Qo‘mita tomonidan o‘rganib chiqildi. Haqiqatda iste’molchi 1 896 960 so‘mlik tabiiy gazdan foydalangani, qolgan 6 172 750 so‘mlik tabiiy gaz asossiz qarzdorlik ekanligi aniqlandi. Shuningdek, Qo‘mita tomonidan “Hududgaz Qoraqalpog‘iston” gaz ta’minoti filialiga mazkur asossiz qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilib, iste’molchi foydasiga ixtiyoriy ravishda hal qilish to‘g‘risida tegishli ko‘rsatma berildi.
Qashqadaryo viloyati misolida, Kasbi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Z.U. tumandagi savdo do‘konlarining biridan sotib olgan elektroskuter sifatsiz ekanligidan norozi bo‘lib murojaat yo‘llagan. O‘rganishlarda qisqa muddatda nosozligi ma’lum bo‘lgan elektroskuter kafolat muddatida sotuvchi tomonidan ta’mirlatib berilmagani ma’lum bo‘ldi. Iste’molchi uni sifatlisiga almashtirib berishlarini so‘ragan, ammo bu talab ham bajarilmagan. Hududiy boshqarma tomonidan do‘kon xodimiga tushuntirish berildi. Shundan so‘ng elektroskuterga to‘langan 11 800 000 so‘m fuqaroga qaytarilishi ta’minlandi.
Jizzax viloyati misolida, Sh.RaShidov tumanida yashovchi fuqaro “UZPAYNET” infokioskasi orqali o‘z xonadonining soliq to‘lovi uchun 450 000 so‘m to‘lov qilgan, ammo mazkur pul mablag‘i soliq hisob raqamiga tushmagan. Bu haqda xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchaga qilgan murojaatiga javob berilmagan. Shundan so‘ng fuqaro hududiy boshqarmaga murojaat qilgan va qisqa muddatda ushbu masala ijobiy yechim topdi. O‘rganishlar davomida 2024-yil 3-iyul kuni “UZPAYNET” MChJning infokioskasi orqali to‘lov amalga oshirilganda hisob raqamlardan biri xato terilgani oqibatida muammo yuzaga kelgan. Natijada iste’molchining qonuniy talabi qondirildi va 450 ming so‘mni tegishli tashkilotga yo‘naltirilishi ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati misolida, Sirdaryo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro D.Sh. “ASAKA MOBILE” ilovasi orqali 3-yilga iste’mol krediti olgan va uni belgilangan muddatidan ikki oy avval to‘liq to‘lab yuborgan. Ammo xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya tomonidan fuqaroga kredit uchun shartnomada ko‘rsatilgan sug‘urta pulini qaytarib bermagan. O‘rganishlarda haqiqatan ham murojaatda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi hamda hududiy boshqarma sa’y-harakatlari bilan sug‘urta kompaniyasi tomonidan fuqaroga 2 mln 416 ming 952 so‘m miqdoridagi foydalanilmagan sug‘urta mukofoti qaytarib to‘lab berilishi ta’minlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 12 va 13-moddalariga zid ravishda ish tutgan deb topilib, tashkilot mas’ullariga mavjud tartib-qoidalar va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar haqida tushuntirishlar berilgan.