Raqobat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida jismoniy va yuridik shaxslardan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, asossiz qarzdorliklar hamda tovar va xizmatlar sifatidan norozilik bilan bog‘liq kelib tushayotgan murojaatlar o‘zining ijobiy yechimini topmoqda.
Murojaatlar hududlar kesimida:
📍Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “Jizzax suv ta’minot” AJning Sh.Rashidov tuman filiali orqali aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati, standartlar va belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganish jarayonida mazkur filial tomonidan 2026-yilning fevral va mart oylarida Sh.Rashidov tumanining “Havaslik”, “Jizzaxlik”, “Ziyokor” va “Sovungarlik” mahallalarida istiqomat qiluvchi iste’molchilarga ikki oy davomida jami 63 009 m³ iste’molga yaroqsiz ichimlik suvi yetkazib berilganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 194-son qarori hamda “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi yuzasidan “Jizzax suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. O‘rganishda aniqlangan 282 million 280 ming so‘mdan ortiq mablag‘ni 3 539 nafar iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilish hamda kelgusida bu kabi qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.
📍Qashqadaryo viloyati
Yakkabog‘ tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.T.dan kelib tushgan murojaatda Rossiya Federatsiyasidan xalqaro pul o‘tkazmasi orqali yuborilgan 37 million so‘mdan ortiq mablag‘ni ikki oy davomida ola olmaganligi ma’lum qilingan.
Fuqaro mazkur masala bo‘yicha “Universal bank” ATB rahbariyatiga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsa-da, muammo hal etilmagan.
Hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan olib borilgan o‘rganish natijasida fuqaroga tegishli bo‘lgan 37 million so‘mdan ortiq mablag‘ning to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
📍Navoiy viloyati
Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro K.G. Raqobat qo‘mitasining ishonch telefoni orqali tuman markazidagi savdo majmuasidan 1 million 700 ming so‘mga xarid qilgan suv kuleri qisqa vaqt ichida nosoz holatga kelib qolgani sababli undan foydalanish imkoni bo‘lmayotganligini ma’lum qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida sotuvchi “Xatirchi city hamrohi” MCHJ tomonidan suv kuleridagi nosozlik bartaraf etildi hamda mahsulot iste’molchiga soz holatda topshirilishi ta’minlandi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektiga iste’molchilar huquqlarini ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
📍Sirdaryo viloyati
Sirdaryo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Jabborova Oltinoy muddatli to‘lov asosida xarid qilgan mobil telefon qurilmasi uchun ortiqcha mablag‘ undirilganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyekti — “Sales master Network” MCHJ bilan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada fuqarodan ortiqcha undirilgan qariyb 2 million so‘m mablag‘ qaytarib berildi va uning buzilgan huquqlari tiklandi.
📍Farg‘ona viloyati
Farg‘ona shahridagi “Yangi Asr” mahallasi, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan yangi qurilgan ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi fuqaro B.D.dan kelib tushgan murojaatda xonadonlar tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmaganligi sababli aholi kundalik ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan foydalanishga majbur bo‘layotgani va bu holat ortiqcha xarajatlarga sabab bo‘layotgani ma’lum qilingan.
Hududiy boshqarma tomonidan gaz ta’minoti korxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan texnik chora-tadbirlar natijasida mazkur uydagi barcha xonadonlar qisqa muddatda tabiiy gaz tarmog‘iga to‘liq ulandi hamda aholiga gaz uzluksiz yetkazib berilishi ta’minlandi.








