Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini o‘tkazib borishi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitorning natijasida, “GURLAN GLOBAL TEKS” MChJ tomonidan 2023-yildan 2024-yilning 1-avgustgacha bo‘lgan faoliyati davomida 54 holatda 3 778,0 tonnadan ziyod 55,9 mlrd so‘mga yaqin paxta tolasi, lint (paxta momig‘i), paxta yog‘i va sheluxa mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilganligi aniqlandi.
Shuningdek, ushbu mahsulotlarni 2023-2024-yillar davomida birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda 7 ta holatda mahsulot narxlarini yuqori qo‘llash natijasida jami 173 mln so‘mga yaqin miqdorda tafovut (farq) holatlari aniqlandi.
Bundan tashqari, klaster korxona tomonidan 2023-yildan 2024-yilning 1-avgustgacha bo‘lgan vaqt davomida 45 holatda 3 407,0 tonnadan ziyod 53,5 mlrd so‘mga yaqin paxta tolasi va lint (paxta momig‘i) mahsulotlari birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda mahsulot narxlarini birja kotirovka narxlariga nisbatan arzon narx qo‘llash natijasida jami 5,5 mlrd so‘mga narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Xorazm viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “GURLAN GLOBAL TEKS” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.