Aksariyat insonlar xursandchilik va yangilangan ko‘rinishga erishish umidi bilan go‘zallik saloni xizmatlaridan foydalanadi. Biroq ba’zi salonlar tomonidan iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni talab darajasida deb bo‘lmaydi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga ushbu yo‘nalishda mijozlarga o‘z vaqtida, sifatli va to‘laqonli xizmat ko‘rsatilmayotgani yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Jumladan, Toshkentdagi “BEAUTY ZOHAB” go‘zallik saloni xodimining mas’uliyatsizligi fuqaroga tashvish keltirgan. Fuqaroning sochini bo‘yash jarayonida boshning teri qismi kuyib ketgani haqidagi e’tirozli murojaat Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan.
Mazkur murojaat tegishli tibbiy xulosa va salon hujjatlari asosida o‘rganilganda xodimning xizmat ko‘rsatish mas’uliyatsizligi, shuningdek, xavfsizlik normalariga amal qilmagani oqibatida fuqaroning sog‘ligiga jiddiy ziyon yetkazgani aniqlandi.
Xususan, iste’molchi o‘zining salomatligiga xavf soluvchi mahsulot yoki xizmatdan foydalanganida, uning huquqlari buzilgan hisoblanadi. Bu holda, iste’molchi nafaqat zararni kompensatsiya qilishni talab qilish, balki xizmat uchun to‘langan pul mablag‘larini to‘liq qaytarishni ham so‘rash huquqiga ega.
O‘rganish natijasida “BEAUTY ZOHAB” saloni tomonidan mijozga 2 mln so‘mga yaqin zarar qoplanishi ta’minlandi.
Ushbu holat xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlar uchun jiddiy ogohlantirishdir: mijozlarning xavfsizligi har doim birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak!
Hurmatli fuqarolar! Go‘zallik saloniga murojaat qilishdan avval, salonning tajribasi va xavfsizlik choralarini tekshirishingiz muhim. Go‘zallik salonini tanlashda ehtiyot bo‘ling va huquqlaringizni himoya qilishdan qo‘rqmang!