Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro uy-joy masalasiga bog‘liq muammo ya’ni xarid qilgan uyiga 5-yildan buyon kadastr hujjatlari taqdim etilmayotgani yuzasidan murojaat qilgan.
Qo‘mita tomonidan mazkur murojaatda keltirilgan holatlar o‘rganilganda fuqaro “GRAND KAPITAL” MCHJ qurilish kompaniyasi bilan 2019-yil 18-iyulda o‘zaro ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomasi tuzgani, ammo xarid qilgan xonadoni uchun kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilmagani ma’lum bo‘ldi. Bu bilan MCHJ shartnoma shartlaridagi o‘z majburiyatlarini bajarmay kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasida shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining quyidagi huquqlari belgilab berilgan:
Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
O‘rganishlar natijasida besh yildan buyon davom etayotgan muammo qisqa muddatda o‘z yechimini topdi. “GRAND KAPITAL” MCHJ tomonidan uyning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, fuqaroga topshirilishi ta’minlandi.