Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroning joriy yilning
21-sentabridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Portaliga qilgan murojaati bo‘yicha Hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida uy-joy olish maqsadida fuqaro “Darxon Servis” MChJ bilan shartnoma tuzganligi, lekin uy-joy o‘z vaqtida bitkazib berilmaganligidan shartnomani bekor qilganligi, ammo to‘lagan 209 000 000 so‘m pul mablag‘i qaytarib olinmaganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi;
21-moddasi ikkinchi xatboshiga asosan sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida fuqaro tomonidan to‘langan 209 000 000 so‘m pul mablag‘i murojaatchining plastik kartasiga o‘tkazib berildi.