O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyatdagi yana bir fuqaroning muammosi hal etildi.
Fuqaro G.S.Aydarova Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga quyidagi mazmunda murojaat yo‘llagan:
Murojaatchi bilan “Otabek Shaxzodjon Kelajagi” MCHJ o‘rtasida 2022 yil 11 may kuni (kvartira qurib berish bo‘yicha) shartnoma tuzilgan. Fuqaro shartnoma shartlariga ko‘ra Karmana tumani “Uyrot” MFY hududida qurilayotgan, umumiy maydoni 205 kv.m bo‘lgan kottej tipidagi xonadon uchun (xonadon umumiy bahosi 370 000 000 so‘m) 55 000 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan.
Xonadon qurib bitkazilgandan so‘ng, quruvchi murojaatchiga “kredit tarixingiz salbiy chiqdi” deb, uyni sotishdan bosh tortadi.
Bu vaqt ichida esa murojaatchi uy interyerini o‘z hisobidan taʼmirlaganligi va hozirda to‘langan to‘lovni hamda uy taʼmiri uchun ketgan xarajatlarni qaytarib berilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida murojaatchiga turar-joy qurilishi uchun amalga oshirgan 55 000 000 million so‘m to‘lovi hamda uy taʼmiri uchun sarflangan 3 000 000 so‘m, jami 58 000 000 so‘m mablag‘i qaytarilishi taʼminlandi.