Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar natijalariga ko‘ra, bugungi kunda aholining sog‘lig‘i, huquq va manfaatlarini, shuningdek davlat va jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida muayyan bozorlarda faoliyat yuritish uchun 67 ta tadbirkorlik subyektlari va davlat tashkilotlarida 81 ta faoliyat turlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida, Prezidentimizning tegishli qarorlari bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida 24 ta tadbirkorlik subyektlari va davlat tashkilotlariga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ro‘yxati shakllantirildi va e’lon qilindi.
Ro‘yxat bilan batafsil quyidagi havola orqali (https://raqobat.gov.uz/ekskluziv-huquqlar-berilgan-hojalik-yurituvchi-subektlarning-reestri-rojhati/) tanishishingiz mumkin.
O‘z navbatida, Raqobat qo‘mitasi Eksklyuziv huquqlarni aniqlash bo‘yicha tahlillarni tizimli ravishda davom ettiradi hamda natijalari bo‘yicha mazkur Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.