O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida iste’molchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda iste’molchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish choralarini ko‘rib keladi.
Hozirgi vaqtga qadar Qo‘mitaga iste’molchilardan avtomobillarni lizing va ijaraga beruvchi korxonalar tomonidan shartnomaviy majburiyatlar bajarilmayotganligi to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ular belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan.
Xususan, o‘tgan yillar davomida avtomobillar uchun oldindan to‘lovlarni amalga oshirgan, biroq belgilangan muddatda avtomobil yetkazib berilmagan yoki to‘langan pullar qaytarilmayotganligi holatlari bo‘yicha 2000 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Mazkur murojaatlarning asosiy qismi “UMID AVTO COMPANIES” MChJ, “ORIENT AVTO-LIZING” MChJ, “IMKON AVTO” MChJ, “MEGA AUTO LIZING” MChJ, “AVTO 60-OY”, “AVTOHAMKOR 0 FOIZ” MChJ va boshqa korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur korxonalar iste’molchilarning pul mablag‘larini qisqa muddatda yangi avtomobillarni avtosalonlardan bozor narxidan arzon olib berish va’dasi bilan jalb qilib, o‘z majburiyatlarini boshqa iste’molchilardan olingan mablag‘lar evaziga qoplash va iste’molchilar to‘lagan pullarni qaytarishni bir yildan ortiq muddatga kechiktirish (ushlab turish) kabi holatlarga yo‘l qo‘ymoqda.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan «Umid auto leasing”, «Umid lizing Tashkent”, «Umid auto”, «Umid avto Tashkent», «Umid avto lizing», «Mega Avto Leasin-Hamkor», «Mega Avto Leasin», “Samo Rimmax Avto”, «Rimmax Auto Leasin», «Ishonch Auto Leasin», «Asr Auto Leasin», «Baraka Avto Baraka Business» MChJlar mansabdor shaxslariga nisbatan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Biroq, bugungi kunda ushbu kabi korxonalar mansabdor shaxslari tomonidan iste’molchilarni chalg‘itish yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan pul mablag‘larini jalb qilish kabi huquqbuzarliklarni davom ettirmoqda hamda ular faoliyati ustidan iste’molchilardan ko‘plab shikoyat arizalari kelib tushmoqda.
Qolaversa, “Avto 60-oy” va “Avtohamkor 0 foiz” kabi aholini millardlab pullarini o‘zlashtirgan avtolizing firmalar haqida juda ko‘p marta gapirilgan bo‘lsada, ayrim fuqarolarimiz xamon bunday firmalar aldoviga ishonmoqda.
Hurmatli iste’molchilar, avtolizing firmalar bilan shartnoma tuzish (imzolash) va ularga pul to‘lashdan avval shartnoma shartlari bilan yaxshilab tanishing, unda to‘lovlarning talablari va muammoli vaziyatlarda uning qaytarib olish muddati va shartlari bilan to‘liq tanishib chiqing, firma ishonchliligini axborot manbalaridan tekshiring, har qanday aldov va va’dalarga ishonmang.