Aholining huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan joylarda o‘quv seminari va davra suhbatlari tashkil etildi.
📍 QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida yosh xotin-qizlarning huquqiy va moliyaviy savodxonligi, iste’molchilik madaniyatini oshirishga qaratilgan seminarlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda ishtirokchilarga elektron savdo, reklama, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi iste’molchilar huquqlari, shartnoma tuzishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, sifatli va xavfsiz mahsulotlarni tanlash, tovar va xizmatlar haqida to‘liq ma’lumot olish hamda huquqlar buzilganda murojaat qilish tartibi tushuntirildi.
📍 BUXORO VILOYATI
Peshku tumanidagi «Yangi bozor», «Ibn Sino» va «Bog‘imuso» mahalla fuqarolar yig‘inlarida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda aholining huquqiy bilimi va moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan seminarlar tashkil etildi.
Tadbirlarda mahalla faollari va aholi vakillariga savdo hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari, shartnomaviy munosabatlarda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, kredit va moliyaviy xizmatlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
📍 FARG‘ONA VILOYATI
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining hududiy tuzilmalari bilan hamkorlikda Quvasoy shahridagi «Mo‘yan» va «Bog‘bon», Toshloq tumanidagi «Istiqlol» va «Arabmozor», Farg‘ona shahridagi «Beruniy» hamda Farg‘ona tumanidagi «Oqbilol» mahalla fuqarolar yig‘inlarida seminarlar va ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda aholiga tovar va xizmatlarni tanlash, shartnoma shartlarini o‘rganish, to‘lov hujjatlarini saqlash, oilaviy byudjetni rejalashtirish hamda huquqlar buzilganda murojaat qilish tartibi bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, «Oqbilol» mahallasida onlayn savdoda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Internet orqali xarid qilishda sotuvchi haqidagi ma’lumotlarni tekshirish, noma’lum shaxslarga shoshilib oldindan pul o‘tkazmaslik, to‘lov hujjatlari va yozishmalarni saqlash zarurligi tushuntirildi.
📍 JIZZAX VILOYATI
Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda Jizzax shahrining «Amir Temur», «Bobur» va «Do‘stlik», G‘allaorol tumanining «Baxt» va «Sarbozor», Sharof Rashidov tumanining «Yaxtanlik» va «Toshkentlik» mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun «Moliyaviy xizmatlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish» mavzusida o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Tadbirlarda, ayniqsa, uy bekalari va ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarga shartnoma tuzishda o‘z huquqlarini himoya qilish, firibgarlikdan ehtiyot bo‘lish, moliyaviy majburiyatlarni to‘g‘ri baholash hamda oilaviy byudjetni oqilona taqsimlash bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga huquqiy maslahatlar olishdi.
Raqobat qo‘mitasi barcha fuqarolarni iste’molchilik madaniyatini oshirishga va o‘z huquqlarini bilishga chorlaydi!








