205 tonna un mahsulotini birja savdolarisiz sotgan korxonaga nisbatan tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish tartibiga rioya etilishi hamda narxlarning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha doimiy monitoring olib borilmoqda.
Qo‘mitaning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida “DENOV OLTIN DON” MCHJ tomonidan 2025-yil oktyabrdan 2026-yil 31-martga qadar Jamg‘arma hisobidan birja savdolari orqali sotib olingan 273 tonna bug‘doydan belgilangan norma asosida ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan 205 tonna un mahsuloti birja savdolariga qo‘yilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport shartnomasi asosida jami 634 mln so‘mdan ortiq mablag‘ga sotilganligi aniqlandi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasida birja savdolarini o‘tkazish chog‘ida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, shu jumladan savdolarni o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish taqiqlangan.
Shuningdek, faqat birja savdolariga qo‘yish yo‘li bilan sotilishi lozim bo‘lgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni birja savdolariga qo‘ymasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish taqiqlanadi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “DENOV OLTIN DON” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.








