#Kun_raqami
Raqobat qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tanlov (tender) savdolarining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda
Xususan, 2024-2026-yillar davomida o‘tkazilgan tender savdolarida jami 3 693 ta raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi holatlari aniqlangan.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida boshlang‘ich narxi 87,8 mlrd so‘mlik 586 ta tanlov savdosida raqobat qonunchiligi talablari buzilgani aniqlangan.
O‘rganishlar davomida ayrim savdolarda «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun talablari buzilishi alomatlari, jumladan, raqobatni cheklovchi talablar belgilash, affillanganlik va ishtirokchilar takliflarini noto‘g‘ri baholash holatlari aniqlangan.
Jumladan, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Oqdaryo tuman bo‘limining 780 mln so‘mlik, Kattaqo‘rg‘on tuman obodonlashtirish boshqarmasining 180 mln so‘mlik va Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 2,4 mlrd so‘mlik tanlovlarida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, tanlov natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, so‘nggi uch yil davomida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 300 ga yaqin mansabdor shaxslarga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborilgan.
Davlat xaridlarida qonuniylik, shaffoflik va barcha ishtirokchilar uchun teng raqobat sharoitlarini ta’minlash Raqobat qo‘mitasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.








