Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublika bo‘ylab kommunal va savdo xizmatlari sohalarida iste’molchilar murojaatlari muntazam o‘rganilib, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan:
Farg‘ona viloyati
Fuqaro Z.G‘. ichimlik suvi uchun asossiz qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. O‘rganishda suv hisoblagichning haqiqiy 226 kub metr ko‘rsatkichi elektron tizimga 605 kub metr deb kiritilgani aniqlandi.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, asossiz qarzdorlik bartaraf etilib, iste’molchi foydasiga 421 557 so‘m qayta hisoblandi.
Buxoro viloyati
G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro B.T. “Bozorim-Texnologiy” MCHJ onlayn do‘konidan buyurtma qilgan mahsulot o‘rniga boshqa tovar yetkazib berilganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, iste’molchi to‘lagan 1 mln 354 ming so‘m mablag‘ bank kartasiga to‘liq qaytarildi.
Namangan viloyati
Fuqaro Q.T. “Uzum Market” ilovasi orqali buyurtma qilgan 1 mln 720 ming so‘mlik mahsulotlar belgilangan muddatda yetkazib berilmagani sababli shartnomani bekor qilish va mablag‘ni qaytarishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, shartnoma bekor qilinib, to‘langan 1 mln 720 ming so‘m mablag‘ to‘liq qaytarildi.
Navoiy viloyati
Nurota tumanida yashovchi fuqaro T.B. “Avtosalon Navoiy Avtotexxizmat” MCHJdan xarid qilgan “TRACKER 2” rusumli avtomashinaning bir oy o‘tmasdan uzatmalar qutisida nosozlik yuzaga kelgani bo‘yicha murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, kafolat shartlari asosida nosoz uzatmalar qutisi yangisiga almashtirilib, avtomashina soz holatda topshirildi.
Qashqadaryo viloyati
Dehqonobod tumanida yashovchi fuqaro S.F. “Qalan,uz” platformasi xizmatlaridan foydalanish maqsadida “Uzum Nasiya” orqali rasmiylashtirgan muddatli to‘lov shartnomasini bekor qilishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, qonunchilik talablari asosida 2,7 mln so‘mlik muddatli to‘lov shartnomasi bekor qilinishi ta’minlandi.
Samarqand viloyati
Samarqand shahrida yashovchi fuqaro X. Pirnazarov savdo do‘konidan 1 mln 700 ming so‘mga “On Cloud” brendi ostidagi krossovka xarid qilgan. Biroq tovarning originalligini tasdiqlovchi hujjatlar va xarid cheki taqdim etilmagani yuzasidan murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, original va nusxa mahsulot o‘rtasidagi narx farqi hisoblanib, iste’molchiga 1 mln so‘m mablag‘ qaytarildi.
Sirdaryo viloyati
Guliston shahrida yashovchi fuqaro M.I. “Mix Metal” korxonasiga xonadoni uchun temir darvoza yasash va o‘rnatishga 21 mln so‘m to‘lagan. Biroq darvoza sifatsiz o‘rnatilgani va qismlari notekis ekanidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, temir darvoza sifatli tarzda qayta o‘rnatib berildi va iste’molchining buzilgan huquqlari tiklandi.








