ISTE’MOLCHILAR TOMONIDAN KELIB TUSHAYOTGAN MUROJAATLAR IJOBIY HAL ETILMOQDA
Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga savdo, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarida kelib tushayotgan iste’molchilar murojaatlari o‘rganilib, o‘zining ijobiy yechimini topmoqda.
Murojaatlar hududlar kesimida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Nukus shahrida yashovchi fuqaro A.A. yangi olgan avtomashinasining monitori ko‘p o‘tmay ishdan chiqqanini ma’lum qilgan. Uning «Nukus avtosavdo» MCHJga qilgan murojaati e’tiborsiz qoldirilgan. O‘rganishlar natijasida nosoz monitorning bepul yangisiga almashtirilishi ta’minlandi.
Andijon viloyati
Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro E.X. Samarqand — Andijon yo‘nalishi bo‘yicha xarid qilingan yo‘lovchi poyezd chiptalari bekor qilinganiga qaramay, ular uchun to‘langan mablag‘lar qaytarilmayotganidan norozi bo‘lib, boshqarmadan amaliy yordam so‘ragan. Ko‘rilgan choralar natijasida mablag‘ fuqaroning bank kartasiga qaytarildi.
Buxoro viloyati
Fuqaro A.Yo. «Buxoroavtotexxizmat» MCHJdan sotib olgan «Damas» avtomashinasidagi nuqsonlarni bartaraf etishni so‘rab, MCHJga bir necha bor qilgan murojaatlari samara bermagan. Hududiy boshqarma aralashuvi bilan avtomashinadagi nuqsonlar bartaraf etildi.
Jizzax viloyati
Jizzax shahrida yashovchi fuqaro O.O. «Chery» avtosaloniga «Chery Tiggo 7 Life» avtomashinasini sotib olish uchun to‘lov qilgan. Avtosalon mashinani 10 kunda yetkazib berishni va’da qilgan, biroq oradan ancha vaqt o‘tsa ham avtomashina yetkazib berilmagan. Hududiy boshqarma aralashuvi bilan fuqaroga avtomashina qisqa fursatda yetkazib berildi.
Namangan viloyati
Fuqaro M.S. xonadoniga o‘rnatilgan quyosh paneli va invertor kafolat muddatida nosoz bo‘lib qolganini ma’lum qilgan. Boshqarma vakillari tomonidan «AZIZBEK ENERGY» MCHJ mas’ullariga qonunchilik talablari tushuntirilgach, nosoz qurilma 6 mln so‘mlik yangi invertorga almashtirib berildi.
Toshkent viloyati
Fuqaro Sh.D. «Idea» savdo do‘konidan muzlatkich xarid qilgan. Servis uni nosoz deb topgan bo‘lsa-da, do‘kon tovarni almashtirib bermagan yoki pulini ham qaytarmagan. O‘rganish natijasida sotuvchi va xaridor o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilinib, «IDEA CONCEPT GROUP» tomonidan 5 mln 129 ming so‘m mablag‘ xaridorga to‘liq qaytarildi.
Qo‘mita tomonidan iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.








