Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublika bo‘ylab iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama qonunchiligi talablariga rioya etilishi yuzasidan muntazam o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan:
Toshkent viloyati
Fuqaro “Idea” savdo do‘konidan “TBS” banki shartnomasi asosida kir yuvish mashinasini xarid qilgan. Mahsulot funksiyalari talabga javob bermagani sababli shartnomani bekor qilishni so‘rab murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, 7 mln so‘mdan ortiq shartnoma bekor qilinib, amalga oshirilgan to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati
Olot va Jondor tumanlarida iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifati o‘rganilib, 388 nafar iste’molchiga sifatsiz suv yetkazib berilgani va 2 mln so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgani aniqlandi.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, “Buxoro suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berildi.
Surxondaryo viloyati
Reklama qonunchiligi talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishda Telegram orqali «UMRA-HAJ» safarlariga oid turfirmalar reklamalari muntazam joylashtirilgani aniqlandi.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, huquqbuzarlik bo‘yicha kanal adminiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.








