Raqobat qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘istondagi 22 ta gaz to‘ldirish shoxobchasida raqobatga qarshi kelishilgan (muvofiqlashtirilgan) harakatlar yuzasidan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi
Qo‘mitaga kelib tushgan fuqaro murojaati asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan 22 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasidagi narxlar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan yuqoridagi shoxobchalarda bir vaqtda 1 m³ siqilgan gaz mahsuloti amaldagi narxiga nisbatan o‘rtacha 1050 so‘mgacha oshirilib sotilgani aniqlangan.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi talablari, ya’ni raqobatga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlar sodir etilganligi yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida. Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan ayrim (9 ta) subyektlar tomonidan sudga murojaat qilingan, Sud tomonidan qo‘mita qarorlarining qonuniyligi yana bir bor tasdiqlangan.
Raqobat qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’iy nazar ichki bozorda faoliyat yurituvchi barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida raqobatga qarshi kelishilgan (muvofiqlashtirilgan) harakatlar yuzasidan monitoring tadbirlarini davom ettiradi.








