“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Raqobat qo‘mitasi hamda Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti hamkorligida “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentning 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-son Farmoni bilan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatiga ko‘maklashish, ularni metodologik qo‘llab-quvvatlash va texnik ko‘mak taqdim etish orqali jamoatchilik nazoratini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy qilingani qayd etildi.
Shuningdek, Prezidentning 2025-yil 6-oktyabrdagi PQ-296-son qarori bilan 2025-yil 15-oktyabrdan 2027-yil 1-yanvarga qadar tajriba tariqasida NNTlarga iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini o‘tkazish vakolati berilgani ta’kidlandi.
Ma’ruzalarda NNTlarning huquqlari, ularning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdagi hamda iste’molchilar huquqlarini ta’minlashdagi o‘rni, NNTlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, iste’molchilar huquqlarini sud tartibida himoya qilish hamda sohadagi NNTlar faoliyatini tashkil etishdagi muammolar haqida so‘z yuritildi.
Bundan tashqari, German Sparkassenstiftung iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobat bo‘limi boshlig‘i Lia Grauberger iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda NNTlarning roli bo‘yicha xalqaro tajriba va amaliyot haqida ma’lumot berdi.
Yakuniy muhokamada NNTlar oldida turgan muammolar va ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarga alohida e’tibor qaratildi. Hududlarda “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini muntazam o‘tkazish, ularning natijalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Mazkur tadbir iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari va NNTlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.








