SIFAT TALABLARIGA JAVOB BERMAGAN 73 NOMDAGI MAHSULOT ANIQLANIB, TEGISHLI CHORALAR KO‘RILDI
Raqobat qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’mol tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida nazorat xaridi tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiqligi baholanmoqda.
Xususan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2026-yilning o‘tgan sakkiz oyida 60 turdagi 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazildi.
Natijada 73 nomdagi mahsulot normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish hamda qonunchilikka muvofiq chora ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborildi.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarning salomatligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida nazorat xaridi tadbirlarini davom ettiradi.








