Raqobat qo‘mitasi tomonidan taksi agregatorlarining iste’molchilar hamda haydovchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar va narxlar yuzasidan o‘rganishlar boshlandi
So‘nggi kunlarda yirik taksi agregatorlari faoliyatida kuzatilayotgan texnik nosozliklar oqibatida boshqa raqobatchi bo‘lgan agregatorlarda ham taksi xizmati narxlari tig‘iz vaqtlarda bir necha barobargacha qimmatlashgani jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan taksi agregatorlarining xizmat narxlari va insofsiz raqobatni amalga oshirishi alomatlari bo‘yicha o‘rganishlar boshlandi.
O‘rganish davomida taksi xizmatlari narxlarining oshirilishi asosliligi hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan taksi agregatorlaridan:
– dasturda taksi xizmatlari narxlarini shakllantiruvchi algoritm sozlamalarini qayta ko‘rib chiqish va narxlar keskin va sun’iy tarzda oshishining oldini olish;
– haydovchilarning mablag‘larini o‘z hisoblariga o‘tkazishda vujudga kelgan nosozliklarni bartaraf etish;
– asossiz bloklangan haydovchilarni blokdan chiqarish choralarini ko‘rish;
– haydovchilar tomonidan bajarilgan buyurtmalar uchun to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan barcha bonuslarni qayta hisob-kitob qilib, to‘lab berish;
– “Raqobat to‘g‘risidagi” Qonun talablaridan kelib chiqqan holda xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirmaslik;
– haydovchilar va iste’molchilar uchun 24 soat ishlaydigan texnik yordam ko‘rsatish markazlarini uzluksiz faoliyatini ta’minlash choralarini amalga oshirish so‘ralgan.
Ta’kidlash joizki, raqobat muhitidagi har qanday harakat iste’molchilar manfaatlariga zid bo‘lmasligi, xizmatlar narxi va sifati esa adolatli hamda shaffof tamoyillarga asoslanishi lozim.
Qo‘mita agregatorlar tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi yoki iste’molchilar huquqlari poymol etilganligi aniqlangan taqdirda, o‘rnatilgan tartibda tekshirish o‘tkazilishi va qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi.








