Ro‘yxatdan o‘tgan asosiy yashash manzilida vaqtincha istiqomat qilmagan 800 ming nafarga yaqin fuqaro foydasiga 22 mlrd so‘mga yaqin asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilindi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda respublika miqyosida fuqarolarning vaqtincha yashash joyi o‘zgargan yoki xorijda bo‘lgan davrida asosiy yashash manzili bo‘yicha ayrim kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar hisoblanishi holatlari o‘rganildi.
Ma’lumki, amaldagi me’yoriy hujjatlarga asosan abonentlar sonidagi o‘zgarishlar tasdiqlovchi hujjatlar asosida aniqlangan taqdirda, qarzdorlik qayta hisob-kitobi shaxslar soni o‘zgargan sanadan boshlab amalga oshiriladi. Tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan holatlarda esa, qayta hisob-kitob o‘tgan uch oy uchun amalga oshiriladi.
O‘rganishlarda vaqtincha yashash joyi o‘zgargan yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lmagan shaxslar ya’ni, xorijda vaqtincha istiqomat qilayotgan, ishlayotgan, ish qidirayotgan (mehnat migrantlari) va tahsil olayotgan abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning amaldagi holatga mos kelmagani hamda yangi abonentlar haqidagi ma’lumotlarning tizimga kiritilmagani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, mazkur o‘rganishlar davomida ushbu davrda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati ko‘rsatilmagan qariyb 800 ming nafarga yaqin fuqaro hamda ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha hisoblagich bilan ta’minlanmagan xonadonlarda esa 100 nafarga yaqin fuqaro yashamagani aniqlandi.
Natijada xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan qariyb 800 ming nafarga yaqin fuqaroning huquqlari tiklanib, ular foydasiga 22 mlrd so‘mga yaqin asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Qo‘mita tomonidan kommunal xizmatlar sohasida iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida billing tizimlarini migratsiya ma’lumotlari bazalari bilan integratsiya qilish hamda chet elda bir oydan ortiq bo‘lgan abonentlar va ular bilan yashovchi shaxslar uchun qaytib kelgunga qadar har oylik qayta hisob-kitob tizimini joriy etish masalasi bo‘yicha tegishli idora va tashkilotlarga takliflar berildi.








