O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Xavflarni boshqarish” qo‘mitasining 2026-yil III choragidagi faoliyati to‘g‘risida
MA’LUMOT
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-apreldagi 279-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) xavflarni aniqlash, baholash, monitoring qilish va ularni kamaytirish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirildi.
Qo‘mitaning 2026-yil 22-oktyabrda o‘tkazilgan “Xavflarni boshqarish” qo‘mitasi 3-son yig‘ilishida III chorak davomida xavflarni kamaytirish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasining ijrosi muhokama qilindi.
2026-yil yanvar oyida o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, markaziy apparatning 17 ta tarkibiy boshqarma va bo‘limlari faoliyatida jami 43 ta xavf aniqlangan. Shundan 1 tasi “yuqori”, 23 tasi “o‘rta” va 19 tasi “past” darajada baholangan.
Monitoring natijalariga ko‘ra, Chakana savdo va elektron tijorat bo‘limida hududiy boshqarmalarda kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq xavfni bartaraf etish bo‘yicha tashkiliy choralar ko‘rilgan. Jumladan, Qo‘mitaning 2026-yil 25-iyundagi 154-ShT-son buyrug‘iga asosan T. Salimovning ishga qabul qilinishi natijasida mazkur xavf bartaraf etilganligi ma’lum qilingan.
Tovar va raqamli bozorlarda raqobat muhitini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda aniq mezonlar mavjud emasligi bilan bog‘liq xavfni kamaytirish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 520-son qaroriga muvofiq, mazkur yo‘nalishdagi tadbirlar bajarilganligi va xavf bartaraf etilganligi bildirilgan.
Shuningdek, iqtisodiy konsentratsiya bitimlari tuzilganda oldindan rozilik olinmasligi bilan bog‘liq xavfni kamaytirish maqsadida Soliq qo‘mitasi va Adliya vazirligining tegishli ma’lumotlar bazalari Qo‘mitaning “FairTech” yagona axborot tizimiga integratsiya qilingan. Mas’ul boshqarma tomonidan mazkur xavf bartaraf etilganligi ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-son qaroriga muvofiq, 2026-yilning to‘qqiz oyi davomida jami 158 ta tovar va xizmatlar bozori tahlil qilingan. Jumladan, 23 ta bozorda raqobat muhiti holati, 40 ta tovar va ish-xizmatlar bozorida muqobil takliflar mavjudligi hamda 95 ta mahsulot bo‘yicha bozorning mahsulot bilan to‘yinganligi yuzasidan ekspress-tahlillar o‘tkazilgan. Tasdiqlangan choraklik reja ijrosi 100 foizni tashkil etgan. Yil yakuniga qadar qolgan 7 ta bozorni to‘liq tahlil qilish rejalashtirilgan. Hisobot davrida mazkur boshqarma faoliyati bo‘yicha yangi xavflar yuzaga kelmaganligi bildirilgan.
Yig‘ilishda xavflarni kamaytirish chora-tadbirlarining amaliy natijalarini baholash, bartaraf etilgan deb hisoblangan xavflar bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish hamda xavflar reyestrini amaldagi holatga muvofiqlashtirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Qo‘mita tarkibiy bo‘linmalari rahbarlariga belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, bartaraf etilgan deb hisoblangan xavflar bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ijro to‘g‘risidagi hisobotlarni har chorak yakunidan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmasdan Ichki audit xizmatiga taqdim etish vazifasi yuklatildi.
Ichki audit xizmatiga chora-tadbirlar ijrosini muntazam monitoring qilish, tarkibiy bo‘linmalardan olingan ma’lumotlarni umumlashtirish va monitoring natijalari yuzasidan “Xavflarni boshqarish” qo‘mitasiga axborot kiritib borish topshirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida Qo‘mitada xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirish, aniqlangan xavflarni kamaytirish va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Kelgusida xavflar reyestri muntazam yangilab boriladi, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi va samaradorligi baholanadi hamda xavflarni boshqarish jarayonlari ustidan tizimli monitoring olib boriladi.

