Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga fuqaro tomonidan “ZAMIN GREAT CITY” MChJ bilan tuzilgan shartnoma yuzasidan murojaat kelib tushdi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri, Bektemir tumanidagi ko‘p qavatli turarjoydan 39,47 kv.m maydonga ega 2 xonali xonadonni sotib olish uchun 252 608 000 so‘m to‘lov amalga oshirilgan. Shartnoma bo‘yicha qurilish muddati 2024-yil 4 chorak etib belgilangan bo‘lishiga qaramay, hanuzgacha uy topshirilmagani va qurilish ishlari to‘xtab qolgani aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga muvofiq, iste’molchi belgilangan muddatda uy topshirilmagan taqdirda, shartnomadan voz kechish, yetkazilgan zararni qoplash va to‘langan mablag‘ni qaytarish huquqiga ega. Shuningdek, ijrochi qurilish muddatini buzgani uchun qonunchilikda nazarda tutilgan penya va boshqa majburiyatlarni bajarishi shart.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan “ZAMIN GREAT CITY” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Qurilish muddatlariga amal qilish, iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish va ularning moddiy manfaatlarini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 2024-yilda qurilishda iste’molchilar huquqlarini buzilishi masalasi bo‘yicha 1640 ta 2025-yil o‘tgan davri mobaynida 234 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ko‘rib chiqish natijasida jami 16 mlrd. 159 465,5 mln so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni qurilish shartnomalarini imzolashda ehtiyotkor bo‘lishga, qurilish kompaniyalarini esa shartnomaviy majburiyatlariga qat’iy rioya qilishga chaqirib qoladi!