Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga kelib tushgan murojaatlar hamda maxsus axborot portalidagi ma’lumotlarga asosan o‘tkazilayotgan monitoringlarda Hazorasp tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tanlov savdolari bo‘yicha o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganishlar jarayonida, Hazorasp tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan maxsus axborot portali orqali umumiy qiymati 829,1 mln. so‘mlik 4 ta eng yaxshi takliflarni tanlash bo‘yicha lotlar bilan tanlov savdolari o‘tkazilganligi aniqlangan.
Mazkur tanlov savdolarida ishtirok etgan qatnashchilar tomonidan belgilangan baholash mezonlariga muvofiq tegishli ma’lumot va hujjatlar taqdim qilgan bo‘lsada, Hazorasp tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 4 ta tanlovlarda ham “BUYUK SOVDO” MCHJ g‘olib deb topilgan va “HAZORASP ELDARADO” MCHJ esa zaxira g‘olibi deb e’tirof etilib, yuqori ballar bilan baholangan. Qolgan ishtirokchilar asossiz ravishda past ballar bilan baholangan holda savdolardan chetlashtirilgani ma’lum bo’ldi.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma tomonidan Hazorasp tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga ushbu o‘tkazilgan tanlov savdolarini bekor qilinishini ta’minlash yuzasidan tegishli tushuntirishlar hamda qonun buzilish holatlari yuzasidan huquqiy baho berilishi uchun hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilindi.