Sirdaryo viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida “Milliy brendlarni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F. Karabayev, Qo‘mita huzuridagi Tadqiqotlar markazi direktori O. Jumayev, Sirdaryo viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi hamda mutasaddi idoralar mas’ullari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan milliy brendlarni rivojlantirish, mahsulotlarni eksport va import qilish jarayonlarida uchrayotgan muammolar, ishlab chiqarishda energiya resurslari sarfini kamaytirish, innovatsion ishlanmalar va ixtirolarni patentlash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga oid dolzarb masalalar yuzasidan murojaat va takliflar bildirildi.
Jumladan,
«Navro‘z Total Textile» MCHJ vakili ip-kalava ishlab chiqarish sexini tabiiy gazga ulangan gaz generatori orqali elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha;
«Mukarram Uvays» xususiy korxonasi vakili o‘zi ixtiro qilgan g‘isht tayyorlash uskunasining boshqa korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgani yuzasidan murojaat qilib, intellektual mulk huquqlarini himoya qilishda:
«Mevazor Mebel Servis» xususiy korxonasi vakili xorijiy hamkor tomonidan sifatsiz deb qaytarib olingan asbob-uskunalar uchun to‘langan mablag‘larni qaytarish masalasida amaliy yordam so‘radi.
Bildirilgan murojaatlar mutasaddi tashkilotlar ishtirokida muhokama qilinib, ular yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalar esa nazoratga olinib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.








