FUQARODAN SAVOL: Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari qanday?
JAVOB:
Nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.
Agar nuqsonlar:
tovarning kafolat muddati yoxud yaroqlilik muddati mobaynida;
kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy mobaynida;
ko‘chmas mulk iste’molchiga o‘tkazilgan kundan e’tiboran ikki yil mobaynida, agar shartnomada bundan uzoqroq muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa;
mavsumiy tovarlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan muddat mobaynida aniqlangan bo‘lsa, iste’molchi mazkur huquqlarini ro‘yobga chiqarishi mumkin.
Iste’molchi o‘ziga sotilgan to‘plamlar, garniturlar, komplektlar va komplekslarning mustaqil tarkibiy qismi bo‘lgan va mustaqil narxga ega bo‘lgan buyumlarda nuqsonlar borligini aniqlagan taqdirda, butun to‘plam, garnitur, komplekt va kompleksga nisbatan ham, ularning nuqsonlari bor mustaqil tarkibiy qismlariga nisbatan ham ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqlidir.
Ushbu moddaning birinchi qismida bayon etilgan talablarni iste’molchi sotuvchiga qo‘yadi.
Iste’molchining talablari u kassa yoki tovar chekini, kafolat muddati belgilangan tovarlar bo‘yicha esa, tegishlicha rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatga taqdim etgan taqdirda ko‘rib chiqiladi.
Iste’molchining texnik pasportni yo‘qotib qo‘ygan taqdirda, uni qayta tiklash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Tovarda aniqlangan nuqsonlar ishlab chiqaruvchi tomonidan bartaraf etiladi. Ishlab chiqaruvchi bilan sotuvchining o‘zaro munosabatlari shartnoma bilan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasining «iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni