O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi fuqaro Sherzod Sheraliyevichning (https://www.facebook.com/groups/332417527943846/posts/856363682215892/) “facebook” ijtimoiy tarmog‘ida qoldirilgan “BULARNI KIM NAZORAT QILADI. Ushbu rasmlardagi konvuleks 500 mg kapsulasini narx tafovutini qarang. Hozirda ushbu dori vositasi faqatgina Toshkent shahrida bor. Lekin ushbu dori vositasini narxidagi 1 oylik tafovutga qaranglar. Bizni xalqimiz juda ajoyibda ayni nima tanqis zarurat kuchli bo‘lsa narxni darrov oshirib oladi. Ushbu dori vositasi salkam 1 mln so‘mga chiqib ketgan. Mayli ushbu dorixona egalarini olloh o‘zi kifoya qilsin… Lekin ushbu narx navoni kim nazorat qiladi. Ushbu doriga muhtoj bemorlar aksariyati nogiron va kam ta’minlangan fuqarolar. Xo‘sh kim izoh beradi bu holatlarga. RASMIY MUNOSABAT VA YECHIM KUTIB QOLAMIZ!!!” murojaati yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Murojaatda keltirib o‘tilgan holatlarga oydinlik kiritish maqsadida, maqolada keltirilgan dorixonalarga Qo‘mitaning tegishli so‘rov xati yuborildi. Mazkur so‘rov xatiga javoban “Pharm New Trade” MChJ 2023-yil 23-avgustda, “Globus Farm” MChJ 2023-yil 24-avgustda taqdim etgan javob xatlarida, konvuleks 500 mg dori vositasi bugungi kunda dorixonalarda sotuvda mavjud emasligi, ushbu dori vositasining belgilangan narxi 220 000 – 236 000 so‘m qilib belgilanganligi, “Arzon Apteka” bot ma’lumotlar bazasiga ushbu konvuleks 500 mg dorining narxlari noto‘g‘ri kiritib qo‘yilganligi ma’lum qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasida, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilab berilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib “Arzon Apteka” botga (PHARM BUSINESS CONSULTING MCHJ) yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida boshqa bunday xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli tartibda Qo‘mitaning ogohlantirish xati yuborildi.
Bundan tashqari, iste’molchilarimizga dori vositalari yoki tibbiy buyumlar xarid qilinganida belgilangan narxlardan yuqori narxda xarid qilinganligi kassa yoki tovar cheki bilan o‘z tasdig‘ini topsa, Qo‘mita tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ortiqcha olingan pul mablag‘lari dorixonadan qaytarib berilishi haqida ma’lum qilamiz.
Shuningdek, Qo‘mita https://uzpharmagency.uz/uz/menu/referentnye-tseny havola orqali dori vositalari uchun belgilangan narxlar haqida ma’lumot olish mumkinligini bildirib o‘tadi.