Joriy yilning 21-dekabr kuni ijtimoiy tarmoq orqali Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasiga birja savdolarida xaridorlar tomonidan bir xaridorga suyultirilgan gaz “propan” harid qilish boʼyicha 20 tonnagacha cheklov oʼrnatilgan boʼlishiga qaramasdan, birja savdolarida bir xaridor 20 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz xarid qilib olayotganligi yuzasidan murojaat qilingan.
Qoʼmitaning 2022-yil 30-martdagi 161/01-15 sonli xatida 1 (bir) tonnalik kichik lotlar uchun limit belgilangan boʼlib, vagonlarga yuklash uchun moʼljallangan yirik lotlar boʼyicha limit belgilanmagan.
Qoʼmita tomonidan oʼtkazilgan tezkor oʼrganishlar natijasiga koʼra, birja savdolarida sotilgan suyultirilgan gaz umumiy hajmining 82 foizi 1 (bir) tonnalik kichik lotlar boʼyicha sotilganligi maʼlum boʼldi.
Shu bilan birga, oʼrganish jarayonida joriy yilning aprel-dekabr oylarida suyultirilgan gaz mahsulotini kichik 1 (bir) tonnalik lotlar boʼyicha bir xaridor uchun cheklangan 20 (yigirma) tonnadan ortiq hajmlarda sotish holati aniqlanmadi.
Yuqoridagilarni hamda murojaatda koʼrsatib oʼtilgan maʼlumotlarda savdo sanalari yoritilmaganligini inobatga olib, mazkur maʼlumotlar asossiz ekanligi, shunindek, suyultirilgan gaz Qoʼmita koʼrsatmasiga muvofiq hajmlarga rioya etgan holda sotilayotganligi maʼlum qilinadi.