Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2024 yil 15 avgust kuni o‘tkazilgan nazorat xaridi tadbiri davomida “X XASANBOY VA XOLOD” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Xottabich” nomli muzqaymoq mahsulotlari sanitariya-epidemiologik talablarga nomuvofiq ekanligi aniqlandi. Mazkur holat SanPin (O‘zRSanQ №0366-19) va “Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha gigiyena qoidalari”ga zid ekanligi tasdiqlandi.
Shuningdek, ushbu mahsulot sifatini baholash maqsadida “X XASANBOY VA XOLOD” MCHJ tomonidan ham ekspertiza o‘tkazilgan bo‘lib, uning natijalari mahsulotning belgilangan standartlarga mos kelmasligini tasdiqlagan.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlariga asosan, 2024 yil oktyabr oyida Qo‘mita tomonidan “X XASANBOY VA XOLOD” MCHJga nisbatan tegishli ko‘rsatma berildi. Unda ishlab chiqaruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi va 13-moddasi talablarini buzganlik holatini bartaraf etish belgilangan.
Mazkur ko‘rsatmani haqiqiy emas deb topish maqsadida “X XASANBOY VA XOLOD” MCHJ tomonidan da’vo arizasi sudga kiritilgan. Biroq, 2025 yil fevral oyida Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi jamiyatning da’vo arizasini rad etdi va Qo‘mitaning 2024 yil oktyabrdagi ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirildi.
Shuningdek, iste’molchilardan sifatsiz mahsulot sotilishi natijasida undirilgan 64 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.