Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Yandex” kompaniyasi Yandex Go ilovasida taksi narxlarini kuzatish funksiyasini ishga tushirganligi bo‘yicha maʼlumotlar berildi. Yandex Go ilovasida ishga tushirilgan narxlarni kuzatish funksiyasi mijoz foydalanuvchilari (yo‘lovchilar)ga talab darajasini kuzatish va tig‘iz paytdagi qatnovlardan qochish, sayohatlarini yaxshiroq rejalashtirish imkoniyatini beradi. Qo‘mita ushbu funksiya ishga tushirilganligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan avvalroq Raqobat qo‘mitasi haydovchi va mijozlar tomonidan berilayotgan murojaatlar bo’yicha “Yandex” kompaniyasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda aynan yuqoridagi kabi (Yandex Go ilovasi xizmat tariflarini shakllantirish mexanizmini takomillashtirish) imkoniyatlarini yaratish yuzasidan ham asoslangan talablarni qo‘ygan edi.
Shuningdek, ushrashuv davomida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan “Yandex” kompaniyasiga yana qo‘shimcha quydagi talablar ham qo‘yilgan:
– raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik va boshqa qonunosti hujjatlari talablariga rioya etib borish;
– isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni yanada takomillashtirish;
– yo‘lovchilar va haydovchilarni xavfsizligini taʼminlash maqsadida ularni sug‘urtalash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
– tizimda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini bundanda oshirish;
– mijozlar uchun foydalanishda qulayliklar yaratish.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi muntazam ravishda sohadagi raqobatni taʼminlash va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan tegishli talab va tavsiyalarini barcha tashkilotlar bilan tahliliy tarzda uchrashuvlar o‘tkazib doimiy ravishda berib kelmoqda.
Yana bir bor eslatib o‘tmoqchimizki, Qo‘mita bu kabi raqamli platformalar faoliyatini muntazam kuzatib tahlil qilib boradi va bozor ishtirokchilari xatti-harakatlari Raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qonunchilik talablariga asosan amalga oshirilishini doimiy nazorat qilib boradi.