Joriy yilning 6-9 hamda 13-16-fevral kunlari Toshkent shahridagi “Radisson Blu Tashkent” mehmonxonasida “Markaziy Osiyo mamlakatlarida energetika sohasida adolatli tariflarga erishish uchun xizmatlar narxini tartibga solish” mavzusiga bag‘ishlangan o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur oʻquv kursi AQSH Xalqaro taraqqiyot tashkilotining (USAID) “Markaziy Osiyoda energetika sohasini tartibga solish boʻyicha hamkorlik” loyihasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda AQSHning Kommunal xizmatlarni tartibga solish milliy assosatsiyasi (NARUC) bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
NARUC tashkiloti ekspertlari tomonidan elektr energiyasi tariflari bo‘yicha ishlab chiqilgan ushbu ikki haftalik texnik o‘quv kursi to‘rtta moduldan iborat bo‘lib, O‘zbekiston hamda Qozog‘iston Respublikasi energetika sohasi regulyatorlari hamda institutlari xodimlarining salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Tadbir davomida xalqaro auditorlik-konsalting kompaniyasi “KPMG” ekspertlari hamda sohaning mintaqaviy ekspertlari tomonidan “Regulyativ hisob”
(6-7-fevral), “Xizmatlar narxining asosiy tarkibiy qismlari va hisoblash usullari”
(8-9-fevral), “Isteʼmolchilar sinflari oʻrtasida harajatlarni taqsimlash jarayoni
(13-14-fevral) va isteʼmolchilar sinflari”, “Tariflarni aniqlash va zaif isteʼmolchilarni himoya qilish” (15-16-fevral) modullari bo‘yicha texnik oʻquv kurslari oʻtkazildi.
O‘z navbatida, ushbu texnik o‘quv kursida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Energetika vazirligi hamda boshqa mutasaddi idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Axborot xizmati