Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini o‘tkazib borishi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitorning natijasida “PAYARIQ CLASTER” MChJ tomonidan 2022-yilda 259.1 tn paxta yog‘i, 890,5 tn paxta shroti va 418,9 tn paxta sheluxasi hamda 2023-yilda 2250.0 tn texnik chigit mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilganligi aniqlandi.
Shuningdek, klaster korxona tomonidan 2022-2023-yillar davomida paxta hosilidan olingan paxta yog‘i, paxta shroti va paxta sheluxasi mahsulotlarini birja savdolariga qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishi natijasida ushbu mahsulotlar birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda mahsulot narxlarini yuqori qo‘llash natijasida jami 1.9 mlrd so‘mga yaqin miqdorda tafovut (farq) holatlari aniqlandi.
Yuqorida aniqlangan holatlarga muvofiq Samarqand viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “PAYARIQ CLASTER” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.