26-fevral kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni qutlug‘ 70 yoshga to‘lgani bilan dildan qutladi.
Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisiga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, birodar turk xalqi va davlatining ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Zamonaviy Turkiyaning barpo etilishida, global maydondagi nufuzi yuksalishida, O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlaridagi bugungi yuqori darajaga erishilishida Prezident Rejep Erdog‘anning o‘rni va hissasi alohida qayd etildi.
Barcha darajalarda faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik sur’ati oshib borayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
O‘tgan yil yakunida qo‘shma korxona va loyihalar soni sezilarli darajada – 365 taga ortdi, Turkiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan investitsiyalar portfeli kengaydi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ham, tegishli ravishda o‘zaro sayyohlar oqimi ham ko‘paydi.
Davlat rahbarlari oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini puxta tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston-Turkiya Hukumatlararo komissiyasi doirasida olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.