O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Turkiya parlamenti raisi davlatimiz rahbariga Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi yuksak bosqichi, barcha darajada faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari o‘smoqda, qo‘shma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Ikki mamlakatda qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston va Turkiya qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi kun tartibini shakllantirishda va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlashda do‘stlik guruhlari va tegishli qo‘mitalarning faol ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi.
Investitsiya dasturlarini ilgari surish, turizm, ishbilarmonlik va ta’lim almashinuvlarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro tuzilmalar, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.